Toshkent viloyatining Angren shahrida qariyb 80 million soʻmlik qalbaki pul tayyorlash bilan shugʻullangani aytilayotgan ikki nafar shaxs qoʻlga olindi. Ijaraga olingan xonadondan soxta kupyuralar, rangli printer va boshqa jihozlar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qalbaki pul tayyorlash va muomalaga kiritishda gumonlanayotgan ikki nafar fuqaro ushlandi.
DXX maʼlumotiga koʻra, Angren shahrida yashovchi 1993-yilda tugʻilgan fuqaro 1997-yilda tugʻilgan tanishi bilan birgalikda shahardagi koʻp qavatli uylardan birida joylashgan xonadonni ijaraga olib, qalbaki banknotlar tayyorlagan.
Tezkor tadbir davomida mazkur xonadon koʻzdan kechirilgan. Natijada 100 ming va 200 ming soʻmlik kupyuralar koʻrinishidagi jami 79,8 million soʻmlik yarim tayyor qalbaki pullar aniqlangan.
Shuningdek, xonadondan EPSON rusumli rangli printer, printer boʻyoqlari va kanselyariya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga koʻra, ushlangan ikki shaxs avval ham sudlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Gumonlanuvchilarning aybdorligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanadi.