Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi urush yaqin oylarda yakunlanishi mumkinligini bildirdi. Uning fikricha, mojaroning davom etishi kengroq xalqaro toʻqnashuv xavfini kuchaytiradi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevroosiyo xavfsizligi boʻyicha Minskda oʻtkazilgan IV xalqaro konferensiyada Ukrainadagi urushning istiqboli haqida fikr bildirdi.
“Ukrainadagi urush yaqin oylarda tugaydi. Agar toʻxtamasak, Uchinchi jahon urushi boʻladi. Bu mening shaxsiy fikrim”, — dedi Lukashenko.
Uning taʼkidlashicha, urush ishtirokchilari va boshqa manfaatdor tomonlar uzoq davom etayotgan mojarodan charchagan. Belarus rahbari Rossiyaning moddiy resurslari yetarli ekanini aytib, asosiy muammo urushni davom ettirishga boʻlgan ruhiy tayyorgarlik bilan bogʻliqligini bildirdi.
Shuningdek, Lukashenko mojaroni muzokaralar orqali hal qilish tarafdori boʻlgan tomonlarni Minskka taklif etdi.
Belarus prezidentining fikricha, urushni tinch yoʻl bilan yakunlashdan boshqa muqobil yoʻl yoʻq.
Lukashenkoning urush yaqin oylarda tugashi haqidagi bayonoti uning shaxsiy prognozi boʻlib, mojaro qachon yakunlanishi hozircha nomaʼlum.

